Toshkent shahri
Toshkent — O‘zbekistonning poytaxti, Markaziy Osiyodagi eng yirik shaharlardan biri; hozir unda taxminan 3 million kishi yashaydi. Bu yerda davlat boshqaruv organlari, xorijiy elchixonalar va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari joylashgan. Shahar mamlakat yalpi ichki mahsulotining eng katta ulushini beradi, sanoati texnologik jihatdan murakkab va ko‘p tarmoqli. Energiyani Chirchiq—Bo‘zsuv gidroelektrostansiyalari va issiqlik elektr stansiyasi beradi, ular yagona energetika tizimiga ulangan. Toshkent muhim transport tuguni: temiryo‘llar va avtomobil yo‘llari shu yerdan o‘tadi, xalqaro aeroport ko‘plab xorijiy shaharlar bilan bog‘laydi, shahar ichida asosan metro va avtobus ishlaydi. Shahar ilm va madaniyat markazi: Fanlar akademiyasi, ko‘plab ilmiy institutlar, oliy o‘quv yurtlari, teatrlar, muzeylar va stadionlar shu yerda. Urbanizatsiya — shaharlar va shahar aholisining o‘sishi; Toshkent ta’sirida atrofdagi tumanlarda ham bu jarayon tezlashgan. Aglomeratsiya — shaharlarning yirik shahar atrofida to‘planishi: Toshkent aglomeratsiyasiga 60—70 km radiusdagi ko‘plab shahar va shaharchalar kiradi. O‘zbekiston seysmik hududda joylashgani uchun yangi binolar zilzilabardosh qilib quriladi.
Shahar planida o‘zingiz bilgan uchta madaniy obyekt (muzey, teatr, bog‘) va bitta metro bekatini topib, ular orasidagi yo‘lni tasvirlang. Ko‘chadan o‘tishda kattalar bilan yuring.