Janubiy iqtisodiy rayon
Janubiy iqtisodiy rayon mamlakatning janubida joylashgan va Qashqadaryo hamda Surxondaryo viloyatlaridan tashkil topgan. U Afg‘oniston, Turkmaniston va Tojikiston bilan chegaradosh, shimolda Zarafshon rayoni bilan tutashadi; maydoni mamlakat maydonining taxminan o‘ndan bir qismi, aholisi esa taxminan oltidan biri. Amudaryodagi ko‘prik rayonning o‘rnini xalqaro ahamiyatga ko‘targan: Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarning bir qismi Termiz orqali amalga oshadi. Cho‘l va tog‘ yaylovlari o‘zlashtirilgani sari tabiiy yaylovlar qisqaryapti, qorako‘lchilikka zarar yetmasligi uchun cho‘llarda fitomelioratsiya ishlari olib boriladi. Yoqilg‘i-energetika boyliklari ko‘p: Qashqadaryodagi Sho‘rtan, Muborak kabi gaz konlari mamlakat uchun muhim bo‘lgan, Surxondaryoda ko‘mir va neft bor; osh tuzi, marmar, ohaktosh va gips kimyo va qurilish materiallari sanoatiga asos. Aholi notekis joylashgan: sug‘oriladigan tumanlarda zich (kv. km ga 100—250 kishi), tog‘, cho‘l va chala cho‘llarda siyrak. Qishloq xo‘jaligida chorvachilik alohida o‘rin tutadi: qorako‘l, hisor va dumbali qo‘ylar, echkilar. Ikki viloyat sanoati keskin farq qiladi: Qashqadaryoda qazib oluvchi sanoat kuchli, Surxondaryoda sanoatning mamlakatdagi ulushi kichik. Rayonda transportning barcha turlari bor; Toshg‘uzor—Boysun—Qumqo‘rg‘on temiryo‘li kam rivojlangan tog‘li tumanlarni transport tarmog‘iga ulab, yuk tashishni ko‘paytirdi.
Atlasda Janubiy rayonning chegaradosh uchta davlatini va Amudaryo ko‘prigini toping.