Transport geografiyasi
Transport yo‘lovchi va yuklarni tashib, mamlakat ichida ham, butun dunyoda ham geografik mehnat taqsimotini chuqurlashtiradi, sanoat va qishloq xo‘jaligi o‘rtasidagi aloqalarni, mintaqalar o‘rtasidagi mahsulot almashinuvini va tashqi savdoni ta’minlaydi. Mamlakatda yuk va yo‘lovchilar temiryo‘l va avtomobil yo‘llarida, daryoda va havoda tashiladi; neft va gaz quvurlar orqali uzatiladi, elektr energiya esa uzatish liniyalari bo‘ylab «tashiladi». Yuk yoki yo‘lovchi manzilga borguncha ko‘pincha ikki-uch xil transport ishlatiladi; ularning barchasi birgalikda transport majmuasini tashkil etadi. Temiryo‘l iqlim va faslga bog‘liq bo‘lmay ishlaydi, tezligi katta, tannarxi nisbatan past. Avtomobil yukni to‘g‘ridan-to‘g‘ri iste’molchiga yetkazadi va qisqa hamda o‘rtacha masofada, ayniqsa tog‘li joylarda qulay. Quvur gaz va neftni arzon va uzluksiz tashiydi. Suv transporti juda katta yukni arzon tashiydi, lekin sekin; O‘zbekiston dengizga chiqishi bo‘lmagani uchun uning ahamiyati kichik va asosan Amudaryoda. Havo transporti eng tez va eng qimmat, relyefga kam bog‘liq, shoshilinch yo‘lovchi va qimmatbaho yuk uchun qulay. Transport ishi tonna-kilometrda o‘lchanadi: tashilgan yuk massasi masofaga ko‘paytiriladi. Transportning o‘zi ham ko‘p elektr, yoqilg‘i va metall sarflaydi.
«Transport tanlash»: kartochkalarda yuklar (meva, neft, shoshilinch dori, g‘isht) va masofalar; guruhlar har biri uchun qulay transportni asoslaydi.