Ma’lumotlar qatori va uning tahlili
Ma’lumotlar qatorini tahlil qilish uchun to‘rtta ko‘rsatkichdan foydalanamiz. O‘zgarish oralig‘i — eng katta va eng kichik sonlar ayirmasi; u ma’lumotlar qanchalik tarqoq ekanini ko‘rsatadi. O‘rta arifmetik — yig‘indining sonlar soniga bo‘linmasi. Mediana — o‘sish tartibida yozilgan qatorning o‘rtasidagi son; agar sonlar juft bo‘lsa, o‘rtadagi ikki sonning o‘rta arifmetigi olinadi. Moda — qatorda eng ko‘p takrorlangan son; modasi bo‘lmasligi yoki ikkita bo‘lishi ham mumkin. Masalan, maktab oshxonasi eng ko‘p buyurtma qilinadigan (moda bo‘lgan) taomni ko‘proq tayyorlaydi.
«Sinf statistikasi»: sinfdoshlaringizdan aka-uka va opa-singillar sonini so‘rab, 8–10 ta sonlar qatorini tuzing, o‘sish tartibiga joylang va oralig‘ini, medianasini hamda modasini toping.