Olamning yagona fizik manzarasi
Fizika fan sifatida Galiley (1564–1642) tajribaga tayanib inersiya va nisbiylik prinsipini o‘rganishidan boshlangan; Nyuton (1643–1727) mexanika va butun olam tortishish qonunini yaratdi. Shu asosda olamning mexanik manzarasi shakllandi: materiya zarralardan tashkil topgan modda, hamma harakat mexanik harakatga keltiriladi, fazo va vaqt absolyut, o‘zaro ta’sir bir lahzada uzatiladi, har bir oqibatning sababi bor. XIX asrda Faradey elektromagnit maydon tushunchasini kiritdi, Maksvell elektromagnit maydon nazariyasini yaratdi va yorug‘lik elektromagnit to‘lqin ekanini ko‘rsatdi; shunday qilib materiya modda ko‘rinishida ham, maydon ko‘rinishida ham mavjud, o‘zaro ta’sir chekli tezlik bilan tarqaladi. XX asr boshida Plank va Eynshteyn nurlanish porsiyalar – kvantlardan iborat ekanini, de Broyl esa zarralarning to‘lqin xossasi borligini ko‘rsatdi: korpuskulyar-to‘lqin dualizmi barcha materiyaga xos. Eynshteynning nisbiylik nazariyasi fazo va vaqtning absolyutligini rad etdi. Hozir to‘rt fundamental o‘zaro ta’sir ma’lum: gravitatsion, elektromagnit, kuchli va kuchsiz.
Jadval tuzing: «mexanik manzara» va «elektromagnit manzara» ustunlari bo‘yicha materiya, harakat, o‘zaro ta’sir tezligi, asosiy olim nomlari. So‘ng uchinchi ustun «kvant tasavvurlari» qo‘shib, yangi g‘oyalarni yozing.