Buxoro xonligida harbiy ish
Xonlik qo‘shini asosan otliq va piyodalardan iborat bo‘lib, qalb (markaz), o‘ng va chap qanot, ilg‘or, manglay (avangard) va qorovul kabi qismlarga bo‘lingan. Oliy bosh qo‘mondon xon edi; qanotlar va qalbga ko‘pincha shayboniy sultonlar rahbarlik qilgan — 1512-yilda G‘ijduvon jangida qalbni Ubaydulla Sulton, o‘ng qanotni Shayboniyxonning o‘g‘li Muhammad Temur, chap qanotni Abu Said Sulton boshqargan. Askarlar o‘nboshi, ellikboshi, yuzboshi va mingboshi qo‘l ostida bo‘lingan; tavochi askar yig‘ish va ta’minotga, jevachi qurol-yarog‘ga, yasovul buyruqlarni yetkazishga, tug‘chi bayroqqa javob bergan. Asosiy qurol o‘q-yoy bo‘lib, undan tashqari nayza, qilich, bolta, qalqon, sovut va dubulg‘a ishlatilgan; XVI asrning o‘rtalaridan to‘fang (miltiq) muntazam qo‘llana boshladi, zambarak va manjaniqlardan esa qal’ani qamal qilishda foydalanishgan. Ashtarxoniylar davrida iqtisod pasayib ketgani sababli xonlik muntazam qo‘shinni saqlay olmadi.
«Jang tartibi»: qog‘ozda qalb, o‘ng va chap qanot, ilg‘or va qorovulni chizib, har biriga vazifasini yozing.