Yengil sanoat
Yengil sanoat oziq-ovqat sanoati bilan birga ASMning uchinchi guruhiga kiradi va asosan paxtachilik hamda pillachilik asosida shakllangan. Tarmoqlari: paxta tozalash, to‘qimachilik, trikotaj, tikuvchilik, poyabzal, ko‘nchilik va ipak ishlab chiqarish. Paxta tozalash zavodi paxtani tola va chigitga ajratadi; u xomashyoni dastlabki ishlovchi tarmoq bo‘lgani uchun paxtakor tumanlarda, temiryo‘l yoki avtomobil yo‘li yaqinida quriladi. Birinchi paxta tozalash zavodi Toshkentda XIX asr 70-yillarida qurilgan, hozir esa kuchli mexanizatsiyalashgan zavodlar ishlaydi. Pillani chuvish yetishtirilgan joyda ma’qul, chunki uni tashish qimmat; pilla chuvish fabrikalarida asosan ayollar ishlaydi, shuning uchun ular ipak qurti boqiladigan hududlarning kichik va o‘rta shaharlarida joylashadi. To‘qimachilik yengil sanoatning eng muhim tarmog‘i; ip yigirish, to‘qish va pardozlash bosqichma-bosqich bajariladi. Xomashyodan tashqari ishchi kuchi, iste’molchi va transport hisobga olinadi. Atlas, beqasam kabi qadimiy gazlamalar Buyuk Ipak yo‘li orqali tarqalgan. Hozir tola paxtani tashqariga sotishdan ko‘ra qayta ishlab, ip, gazlama va tayyor kiyim chiqarishga e’tibor beriladi; paxtadan to‘qimachilikkacha bir joyda ishlaydigan klasterlar paydo bo‘lgan. Xiva gilam, G‘ijduvon va Rishton kulolchilik, Urgut va Shahrisabz hunarmandchilik markazlari hisoblanadi.
«Paxtadan ko‘ylakkacha»: guruhlar paxta → tola → ip → gazlama → kiyim zanjirini chizib, har bosqich uchun qayerda joylashishini yozadi.