Qon tomirlari, qon aylanish doirasi
Yurakdan organlarga qon olib boruvchi tomirlar arteriyalar, yurakka olib keluvchilari venalar, ular orasidagi eng ingichka tomirlar kapillarlardir. Arteriya devori qalin, elastik va muskulli – yuqori bosimga chidaydi. Venalar devori yupqaroq, bosim past; yirik venalarda klapanlar qonning orqaga qaytishini to‘sadi. Kapillar devori bir qavat hujayradan iborat, shu devor orqali qon va to‘qima orasida kislorod, oziq moddalar va karbonat angidrid almashinadi. Qon ikki doira bo‘ylab aylanadi. Katta doira chap qorinchadan aortadan boshlanadi, arteriyalar va kapillarlar orqali tana organlariga boradi, kislorodni beradi, karbonat angidridni oladi va kovak venalar orqali o‘ng bo‘lmaga qaytadi. Kichik doira o‘ng qorinchadan o‘pka arteriyasidan boshlanadi, o‘pka kapillarlarida qon karbonat angidridni beradi, kislorodga to‘yinadi va o‘pka venalari orqali chap bo‘lmaga keladi. Odatda arteriyada qon kislorodli, venada kislorodsiz; faqat o‘pka arteriyasi va o‘pka venasida bu teskari.
Qog‘ozga ikki doirani (qizil va ko‘k rang bilan) chizib, yurakning to‘rt kamerasini yozing. Strelkalar bilan qon oqimi yo‘nalishini ko‘rsating va do‘stingizga tushuntiring.