Alkanlarning xalqaro nomenklatura bo‘yicha nomlanishi. Izomeriyasi
Sistematik nomenklatura 1892-yilgi Jeneva qoidalariga asoslangan va keyinchalik IUPAC (Nazariy va amaliy kimyo xalqaro ittifoqi) tomonidan takomillashtirilgan. Avval eng uzun, mumkin bo‘lsa eng ko‘p shoxlangan zanjir asosiy zanjir deb tanlanadi. Uni radikallar yaqin uchidan raqamlaymiz; ikkala uchdan teng uzoqlikda bo‘lsa, kichik raqamlar to‘plamini beradigan tomondan boshlanadi. Nom: o‘rinbosarlar raqami va nomi alifbo tartibida, bir xil radikallar uchun di-, tri-, tetra- old qo‘shimchasi, oxirida asosiy zanjir nomi, masalan 3-etil-2-metilgeksan. Galogenlar ham o‘rinbosar sifatida aytiladi: 2-brom-3-metilbutan. Uglerod atomi nechta qo‘shni uglerod bilan bog‘langaniga qarab birlamchi (1 ta), ikkilamchi (2 ta), uchlamchi (3 ta) yoki to‘rtlamchi (4 ta) bo‘ladi. Uglerod soni ortgan sari izomerlar soni tez o‘sadi: pentan — 3, geksan — 5, geptan — 9, dekan — 75 ta.
Uglerod atomlari sonini sanash musobaqasi: doskaga 2,3-dimetilbutan kabi molekula chizing; jamoalar navbat bilan birlamchi, ikkilamchi, uchlamchi uglerodlarni rangli bo‘r bilan belgilab chiqadi.