Vektor tushunchasi
Uzunlik, yuz, massa kabi kattaliklar faqat son qiymati bilan aniqlanadi va skalar kattaliklar deyiladi. Kuch va tezlik kabi kattaliklarni to‘liq bilish uchun yo‘nalishi ham kerak; ular vektor kattaliklar deyiladi. Geometriyada vektor yo‘nalishga ega kesma sifatida tasvirlanadi: →AB belgisida A — vektorning boshi, B — oxiri, uzunligi esa vektorning moduli |→AB|. Boshi va oxiri ustma-ust tushgan vektor nol vektor, uning moduli 0. Bir to‘g‘ri chiziqda yoki parallel to‘g‘ri chiziqlarda yotgan vektorlar kollinear; ular bir tomonga yo‘nalsa yo‘nalishdosh, qarama-qarshi tomonga yo‘nalsa qarama-qarshi yo‘nalgan deyiladi. Moduli teng va yo‘nalishi bir xil vektorlar teng; vektorni modulini va yo‘nalishini o‘zgartirmay istalgan nuqtaga ko‘chirish mumkin.
«Strelkalar xaritasi»: sinf xonasida o‘z joyingizdan eshikkacha bo‘lgan yo‘lni strelka (vektor) bilan chizib, uning uzunligini qadam bilan o‘lchang va boshqa o‘quvchi vektori bilan solishtiring.