Evolutsiyani isbotlashda biogeografiya fani dalillari
Biogeografiya hayvon va o‘simliklarning Yer yuzida tarqalishini o‘rganadi. Sutemizuvchilar, qushlar, o‘simliklar tarqalishiga qarab quruqlik A. Uolles bo‘yicha 6 ta biogeografik viloyatga bo‘linadi (bugungi kunda ba’zi tasniflarda Antarktika va okeaniya viloyatlari ham ajratiladi): Paleoarktik (Yevrosiyo shimoli, Shimoliy Afrika), Neoarktik (Shimoliy Amerika), Neotropik (Markaziy va Janubiy Amerika), Afrikaning Habashiston (efiopiya) viloyati, Hindomalay va Avstraliya viloyatlari. Avstraliyada sutemizuvchilardan tuxum qo‘yuvchi (o‘rdakburun, yexidna) va xaltali (kenguru, koala) hayvonlar keng tarqalgan, yo‘ldoshlilar kam – chunki Avstraliya yo‘ldoshli sutemizuvchilar keng tarqalmasidan ancha oldin boshqa quruqliklardan ajralib, uzoq vaqt alohida qolgan. Janubiy Amerikada xaltali opossumlar, chumolixo‘r, yalqov, zirhli hayvonlar uchraydi. Paleoarktika va Neoarktika hayvonot dunyosi o‘xshash (ayiq, bo‘ri, bug‘u, los), turlarda farq bor – chunki ular vaqti-vaqti bilan quruqlik ko‘prigi orqali bog‘langan. Sababi qit’alar tarixi: A. Vegener «materiklar dreyfi» nazariyasi (1912) bo‘yicha taxminan 300–200 mln yil oldin yagona quruqlik Pangeya bo‘lgan, u Lavraziya va Gondvanaga, keyin zamonaviy qit’alarga ajralgan; hozir bu litosfera plitalari tektonikasi bilan tasdiqlanadi (qit’alar yiliga bir necha santimetr siljiydi). Qit’alar ajralgach, populatsiyalar alohidalashib mustaqil evolutsiya qilgan. Orollarda va ko‘llarda endemik turlar ko‘p; relikt turlar (masalan, ginkgo) qadimgi guruhlar qoldig‘idir. Turlar tarqalishi ularning kelib chiqishi va tarixini aks ettiradi.
«Xarita ustida»: dunyo xaritasiga hayvon rasmlari (kenguru, jirafa, yo‘lbars, bizon, yalqov) mos viloyatlarga qo‘yiladi va sabab tushuntiriladi.