Gen muhandisligida qo‘llaniladigan fermentlar
Gen muhandisligida DNKni kesadigan, ulaydigan va nusxalaydigan fermentlar ishlatiladi. DNK polimeraza (1950-yillarda A. Kornberg E. coli dan ajratgan) komplementar nukleotidlarni biriktirib yangi DNK zanjirini sintez qiladi. Revertaza (teskari transkriptaza) – ba’zi RNK-viruslar fermenti – RNK matritsasida komplementar DNK (kDNK) sintez qiladi; shu orqali i-RNKdan gen nusxasi olinadi. DNK ligaza qo‘shni nukleotidlar orasidagi fosfodiefir bog‘larini hosil qilib, DNK bo‘laklarini bir-biriga tikadi. Restriktazalar (restriksion endonukleazalar) DNKning o‘zi tanigan 4–6 nukleotidli maxsus ketma-ketligini – restriksiya saytini – topib, shu joyidan kesadi. Bakteriyalarda ular yot DNK (masalan, virus DNKsi) dan himoya vazifasini bajargan. Restriktazalar yopishqoq uchli (EcoRI) yoki to‘mtoq uchli (HpaI) bo‘laklar hosil qiladi; yopishqoq uchlar komplementar bo‘lgani uchun turli DNK bo‘laklari oson birikadi. Fermentlar nomi ular ajratib olingan bakteriya nomidan olinadi: EcoRI – Escherichia coli. Kesilgan bo‘laklar elektroforez bilan uzunligi bo‘yicha ajratiladi.
«Fermentlar – ish qurollari»: kartochkalarda ferment nomlari va vazifalari (qaychi, yelim, nusxa ko‘chirgich) aralash beriladi, juftlanadi.