Ko‘llari va suv omborlari
O‘rta Osiyoda ko‘llar kam; eng yiriklari Orol, Issiqko‘l, Balxash va Qorako‘l bo‘lib, tektonik kelib chiqishga ega. Issiqko‘l (Qirg‘iziston) juda chuqur, maydoni taxminan 6200 km², suvi sho‘rtang bo‘lgani uchun qishda ham muzlamaydi. Balxash ko‘lining g‘arbiy qismi chuchuk, sharqiy qismi sho‘r. Tog‘larda ko‘plab kichik ko‘llar daryo o‘zanining to‘silishidan hosil bo‘lgan; Sarichelak shular jumlasidandir. Orol dengizi 1960-yilgacha dunyodagi eng katta ko‘llardan biri (maydoni taxminan 68 000 km²) edi, biroq Amudaryo va Sirdaryo suvining ko‘p qismi sug‘orishga olinishi sababli unga quyiladigan suv keskin kamaydi. Natijada dengiz asosan quridi: janubiy qismining sharqiy havzasi 2010-yillarda butunlay qurib, o‘rnida Orolqum cho‘li vujudga keldi; Qozog‘istondagi Kichik Orol esa 2005-yildagi Ko‘karal to‘g‘oni sharofati bilan qisman tiklandi. Quruqqolgan tubidagi tuz va chang shamolda tarqalib, aholi salomatligi va dehqonchilikka zarar yetkazadi; hozir u yerlarda saksovul kabi o‘simliklar ekilmoqda. Sug‘orish, GES va suv rejimini tartibga solish uchun daryolarda Qayroqqum, Chordara, To‘xtag‘ul, Chorvoq, Tuyamo‘yin kabi suv omborlari qurilgan.
«Orol xaritasi»: yozuvsiz xaritaga Orol dengizining 1960-yildagi va hozirgi chegarasini ikki rangda chizing (atlas yoki yangi xarita bo‘yicha), Kichik Orol va Ko‘karal to‘g‘onini belgilang.