Antik tarixning boshlanishi
Qadimgi Yunoniston Bolqon yarimoroli janubi, Peloponnes yarimoroli va Egey dengizidagi ko‘plab orollarni o‘z ichiga olgan. Hududning taxminan uchdan bir qismi tog‘lardan iborat; eng baland tog‘i — Olimp. Unumdor yerlar faqat vodiylarda bo‘lgan, yunonlar dehqonchilik, chorvachilik, keyinroq dengizchilik va savdo bilan shug‘ullangan. Mil. avv. II ming yillikda Krit orolida va Janubiy Yunonistonda ilk shahar-davlatlar paydo bo‘ldi: Krit sivilizatsiyasi afsonaviy podsho Minos nomi bilan Minoy deyiladi (markazi Knoss shahri). U kuchli vulqon otilishi, zilzila va suv toshqini oqibatida zarar ko‘rgan; keyin qit’adan kelgan axeylar Mikenada o‘z davlatini tuzdi. Mil. avv. XII asr oxirida shimoldan doriylar bostirib kirib, Miken davlatini tugatdi, keyinroq Sparta paydo bo‘ldi. Egey dengizidagi orollar va qulay qo‘ltiqlar yunonlarni dengizchilikka undadi. Dastlab ular sohil yaqinida, orolma-orol suzgan, keyin yelkanli kemalarda Misr, O‘rtayer va Qora dengiz sohillariga borgan. Yunonlar odamlar yashaydigan yerni «Oykumena» deb atagan. Yunon davrini «antik tarix» deb ham ataymiz.
«Dengiz yo‘li»: xaritada Afinadan Krit, Misr va Qora dengizga yo‘llarni barmoq bilan kuzatish; qaysi biri uzoq ekanini topish.