Ahamoniylar davlati
Hozirgi Eron hududida qadimda kassiylar, elamiylar, midiyaliklar va forslar yashagan. Elam davlati mil. avv. III ming yillikda janubi-g‘arbda vujudga kelib, poytaxti Suza edi. Midiya mil. avv. VII asrda podsho Kiaksar davrida kuchaydi va Bobil bilan ittifoqda Ossuriyani yengdi. Mil. avv. VI asr o‘rtalarida Ahamoniylar sulolasidan Kir II forslarni birlashtirib, Midiyani (taxminan 550), Lidiyani va Bobilni (539) bo‘ysundirdi. Uning o‘g‘li Kambiz II mil. avv. 525-yilda Misrni zabt etdi. Doro I (mil. avv. 522–486) davrida davlat Hindistonning shimolidan O‘rtayer dengizigacha cho‘zilgan eng yirik davlatlardan biri bo‘ldi. Doro I qo‘zg‘olonlarni bostirdi, davlatni satrapliklarga bo‘ldi, yagona oltin tanga — «darik»ni joriy qildi, Suza bilan Lidiya poytaxti Sardni bog‘lovchi «shoh yo‘li»ni qurdirdi. Poytaxtlar: Suza, Persepol, Ekbatana. Persepolda Doro I va Kserks saroyi, yuz ustunli zal qoldiqlari bor; devor bo‘rtmalarida bo‘ysundirilgan xalqlarning o‘lpon keltirishi tasvirlangan. Fors podsholarining mixxat bitiklari Behistun, Naqshi Rustam qoyalarida va Persepol devorlarida saqlangan. Mil. avv. 330-yilda Aleksandr Makedonskiy Ahamoniylar davlatini bosib oldi; u ikki yuz yildan ortiq mavjud bo‘lgan.
«Shoh yo‘li»: bolalar xaritada Suzadan Sardgacha yo‘lni chizib, xabar yetkazuvchi chopar rolini o‘ynaydi.