Qadimgi Misr madaniyati
Misr yozuvi insoniyatning eng qadimgi yozuvlaridan biri edi. Dastlab har bir so‘z rasm shaklida yozilgan. Yunonlar uni «iyeroglif» («muqaddas bitik») deb atagan, chunki u asosan maqbaralar va ibodatxonalar devorlariga, xudolar haykallariga o‘yib yozilgan. Yozuvni o‘rganish qiyin bo‘lgan, shu sababli savodli kotiblar (xattotlar) hurmatda bo‘lgan. Qamish qalam va mineral bo‘yoqlar bilan papirus — papirus poyasidan tayyorlangan «qog‘oz»ga yozishgan. 1799-yilda Rozett (Rashid) shahri yaqinida bir bitiktosh topildi, unda bir xil matn iyeroglif, demotik (xalq yozuvi) va yunon yozuvida bitilgan edi. Fransuz olimi Jan-Fransua Shampolyon yunoncha matnga tayanib, 1822-yilda iyeroglif yozuvini o‘qib chiqdi. Bitiktosh hozir Londondagi Britaniya muzeyida saqlanadi. Misrliklar yulduzlarni kuzatib astronomiyaga asos solgan; yilni 365 kun deb belgilab, 30 kunlik 12 oy va 5 qo‘shimcha kunga bo‘lgan. Yerni o‘lchash geometriyaga olib kelgan, ular kasrlar bilan ham hisoblagan. Asosiy o‘lchov birligi «podsho tirsagi» (≈52,5 sm) edi; vaqt suv soatlari bilan o‘lchangan.
Bekatdagi tablo stansiya nomini ham o‘zbekcha, ham inglizcha yozgan edi. Ingliz harflarini endi o‘rganayotgan o‘quvchi o‘zbekcha so‘zni o‘qib, inglizcha yozuvni ham tushundi. Bir matn ikki tilda berilsa, notanish yozuvni ochish osonlashadi.
Tarjimon ikki tildagi matnni moslashtiradi, tilshunos eski yozuvlarni o‘qiydi, kriptograf yashirin yozuvni ochadi.
Uydagi qadoq yoki yozuvdan ikki tilda yozilgan uchta so‘z juftini toping va yonma-yon yozib chiqing.
«Ismingiz iyeroglifda»: bolalar ismining birinchi harfi uchun o‘zlari oddiy rasm-belgi chizadi va uni o‘rtoqlariga o‘qitadi.