Qadimgi Rim madaniyati
Vaqt o‘tishi bilan rimliklar turmushi o‘zgardi: boylar villalarda, oddiy odamlar ko‘p qavatli uylarda yashagan. Poytaxtda arzon haq evaziga foydalaniladigan termalar — jamoat hammomlari bo‘lgan: ularda hovuz, sport zali va kutubxona ham bo‘lgan. Ta’lim pullik edi; badavlat oilalar bolalarni 6–7 yoshdan maktabga bergan. Bolalar mum qoplangan taxtachaga stil bilan yozgan. Yuqori bosqichda grammatika, tarix, geometriya, musiqa o‘qitilgan, siyosatchilar ritorika (notiqlik) o‘rgangan, yunon tiliga katta e’tibor berilgan. Rim me’morchiligi yo‘llar, akveduklar, amfiteatrlar, triumf arklari bilan mashhur. Rimliklar betondan foydalanib, ustunsiz gumbazlar qurgan: Panteon (barcha xudolar ibodatxonasi) shunday qurilgan va hozir ham turibdi. Kolizey ham saqlangan. Tit Liviy «Rim tarixi»ni, Plutarx sarkardalar tarjimai holini, Kvint Kursiy Ruf Aleksandr tarixini yozgan. Milodiy I asrda Rim hukmronligidagi Falastinda xristianlik paydo bo‘ldi. Uning asoschisi Iso Masih deb e’tirof etiladi; ta’limoti Yevangeliyada («Xushxabar») bayon etilgan. Rim noibi Pontiy Pilat davrida Iso xochga mixlangan (taxminan milodiy 30-yil). Xristianlar ko‘p marta ta’qib qilingan, ammo milodiy 313-yilda imperatorlar Konstantin va Likiniy chiqargan Milan farmoni xristianlikka erkin ibodat huquqini bergan.
«Barcha yo‘llar Rimga boradi»: bolalar maqolning ma’nosini xaritada yo‘llar chizib tushuntiradi.