Zardushtiylik
Mil. avv. I ming yillikda O‘rta Osiyoda zardushtiylik keng tarqaldi; nomi Zardusht (Zaratushtra, yunonlarda Zoroastr) ismidan kelib chiqqan. Zardusht yangi diniy ta’limot payg‘ambari bo‘lgan; uning yashagan vaqti haqida olimlar fikri turlicha, kitobda mil. avv. I ming yillikning birinchi yarmi deyiladi. Zardushtiylar olov, suv, tuproq va yulduzlarni muqaddas bilgan. Ular oliy xudo — donishmand Ahuramazdani, Quyosh va yorug‘lik xudosi Mitrani, suv va hosildorlik ilohasi Anaxitani ulug‘lagan; Ahuramazdaning dushmani Ahriman yovuzlik va o‘lim kuchi hisoblangan. Ta’limotning asosi — Ezgulik va Yovuzlik kurashi, hayotning mazmuni esa ezgu fikr, ezgu so‘z va ezgu amal. Yolg‘on gapirmaslik, aldamaslik, va’daga vafo qilish talab etilgan. Muqaddas kitob «Avesto» uzoq vaqt og‘zaki saqlanib, keyin yozib olingan; uning eng qadimiy qismi mil. avv. taxminan IX–VIII asrlarga oid deb hisoblanadi, matnga sharh «Zand» deyiladi. Fransuz olimi Anketil Dyuperron «Avesto»ning bir qismini 1771-yilda Yevropa tiliga tarjima qilgan. Marhumni yerga ko‘mish, yoqish va suvga tashlash ta’qiqlangan: jasad ochiq joyda qoldirilgan, tozalangan suyaklar esa sopol suyakdon — ossuariyga solingan.
«Uch ezgu»: bolalar bir hafta ichida bajargan ezgu fikr, so‘z va amalini daftarga yozib, sinfda baham ko‘radi.