«So‘nggi saboq» hikoyasi haqida
Darslik tahlilidan: hikoya yosh bola tilidan bayon qilinadi; adib Frans nazari bilan kichik tuyulgan milliy-madaniy hodisaga baho beradi. Mosye Amelning g‘amginlikka uyg‘un jonkuyarligi, qat’iyati, ona tili va yurtini sevishi sezilib turadi. Hikoyani tushunish uchun Fransiyaning Elzas va Lotaringiya hududi nemislar tomonidan ishg‘ol qilinganini bilish lozim; «nemislarning safda yurishi» va muallim murojaati shunga ishora. Sinfdagi har bir predmet, muallimning kiyimi aniq tasvirlanadi, orqada kattalar o‘tirishi xalqning og‘ir musibatini – go‘yo ona tilini qabrga qo‘yayotgandek holatni ta’kidlaydi. «Fransuzlar o‘qishni orqaga suradi» degan gap barcha davr yoshlariga tegishli. Vaqt – bir tomchi suvdek, qaytarib bo‘lmaydi. Muallimning «mustamlaka xalq o‘z ona tili yordamidagina yorug‘likka chiqa oladi» degan fikri, darslik fikricha, o‘zbek tilining yaqin o‘tmishdagi taqdiriga ham taalluqli. Dode har bir millat uchun beqiyos milliy til taqdiri haqida ta’sirli hikoya yozgan.
Munozara: «Ona tilimiz uchun nima qila olamiz?» – sinf 5 ta aniq ish ro‘yxatini tuzadi (masalan, to‘g‘ri yozish, kitob o‘qish).