Zamonaviy ishlab chiqarish va bozor munosabatlari
Ishlab chiqarish — insonlarning ehtiyojini qondirish uchun moddiy va ma’naviy ne’matlar yaratish jarayoni. U ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash va iste’mol zanjiri sifatida uzluksiz takrorlanadi. Ishlab chiqarishning ikki omili bor: ishlab chiqarish vositalari (mehnat qurollari va mehnat predmetlari) hamda ishchi kuchi. Ishlab chiqarish rivoji uch bosqichda ko‘riladi: oddiy asboblardan murakkabroqlariga o‘tish; mashina, mexanizm va stanoklar asosida ishlab chiqarish va tovar bozorining paydo bo‘lishi; xizmat ko‘rsatish sohasining rivoji, fan ishlab chiqaruvchi kuchga aylanishi va resurslarni tejaydigan yuqori texnologiyalarga o‘tish. Bozor — sotuvchi bilan xaridor uchrashadigan joy va ular o‘rtasidagi munosabat. Bozor ishlab chiqarishni iste’mol bilan bog‘laydi: buyum tovarga aylanib, sotilgach, unga sarflangan mehnat pulga aylanadi, shu pulga yangi xomashyo va asbob-uskuna sotib olinadi va ishlab chiqarish yangilanadi. Raqobat sifat, dizayn va narx bo‘yicha kuchli bo‘lgan ishlab chiqaruvchini yutuqqa olib keladi; maktab ustaxonasida ham o‘quvchi buyumi sifat va dizayn talabiga javob bersa, bozor talabiga yaqinlashadi.
Bozor modeli: sinfda «ustaxona» va «xaridor»lar guruhi bo‘ladi. Ustaxona qog‘ozdan kichik buyum (nusxa) yasab, narx belgilaydi; xaridorlar o‘yin pulida sotib oladi. Yakunda qaysi buyum nega ko‘p sotilganini muhokama qiling.