Iqtisodiy o‘sish va rivojlanish
Makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar joriy yil narxlarida hisoblansa, ular nominal qiymat deyiladi; narxlar yildan yilga o‘zgargani uchun turli yillar ko‘rsatkichlarini solishtirishda real qiymat — tanlangan asos yil narxlaridagi qiymat — ishlatiladi. Bog‘lanish: YaIM real = YaIM nominal : I, bunda I — narxlarning oshish indeksi (narx 25% oshsa, I = 1,25). Bozor iqtisodiyotida faollik to‘lqinsimon o‘zgaradi: o‘sish, cho‘qqi, pasayish va eng quyi nuqta — bir marta o‘sib-pasayish iqtisodiy davr deyiladi; real YaIM kamida olti oy kamaysa, bu iqtisodiy pasayish belgisi. Iqtisodiy o‘sish — real YaIMning izchil ko‘payishi; ba’zan jon boshiga real YaIM bilan ham o‘lchanadi. Ekstensiv o‘sish ishlab chiqarishga ko‘proq resurs (yer, ishchi, xomashyo) jalb qilish bilan, intensiv o‘sish esa bor resurslardan samaraliroq foydalanish — texnologiya, bilim va malakani oshirish bilan erishiladi. Turmush darajasi faqat jon boshiga YaIMga emas, savodxonlik, sog‘liq, umr uzunligi, uy-joy va atrof-muhit holatiga ham bog‘liq, shuning uchun YaIM yuqori bo‘lsa-yu, uning ko‘p qismi odamlar ehtiyojiga yo‘naltirilmasa, farovonlik oshmasligi mumkin.
«Chizma bo‘yicha davr». O‘quvchilar doskada to‘lqinsimon chiziq chizib, o‘sish, cho‘qqi, pasayish va eng quyi nuqtani belgilaydi. So‘ng har bir pallada ish o‘rinlari, narxlar va daromadlar qanday o‘zgarishi mumkinligini muhokama qiladi.