Mineral resurslar geografiyasi
Tabiatda minerallar holida uchraydigan boyliklar mineral resurslar yoki foydali qazilmalar deyiladi; hozir ularning 200 ga yaqin turi xo‘jalikda ishlatiladi. Ular uch guruhga bo‘linadi: yoqilg‘i-energetika (ko‘mir, neft, tabiiy gaz, torf, yonuvchi slanes, uran), rudali (qora va rangli metall rudalari) hamda noruda (osh tuzi, kaliy tuzlari, fosforit, oltingugurt, olmos, qurilish materiallari). Eng ko‘p iste’mol qilinadigani neft, gaz, ko‘mir, temir rudasi va qurilish materiallaridir. Yoqilg‘i resurslari orasida ko‘mir zaxirasi eng katta; yirik ko‘mir zaxiralari AQSH, Rossiya, Xitoy, Avstraliya, Hindiston va boshqa davlatlarda. Neft va gaz zaxiralari ko‘proq Fors qo‘ltig‘i davlatlarida, Venesuela, Shimoliy Amerika, Rossiya (G‘arbiy Sibir), Kaspiybo‘yi, Shimoliy Afrika, Nigeriya va Xitoyda joylashgan. Ruda konlari tog‘li burmali mintaqalarda (Alp–Himolay, Tinch okeani bo‘yi) ko‘p, noruda konlari esa qadimiy platformalarda ham uchraydi. Qulay konlar o‘zlashtirib bo‘lingani sari qazish uzoq, qiyin hududlarga o‘tmoqda va bu tannarxni oshiradi, shuning uchun resurslarni tejash muhim.
«Konlar xaritasi»: yozuvsiz xaritada neft, ko‘mir, temir rudasi va olmos konlari rayonlarini turli rangli belgilar bilan belgilash.