Metallarda elektr toki
Metallarning kristall panjarasi tugunlarida musbat ionlar joylashgan, ular orasida esa atomlardan ajralgan erkin elektronlar tartibsiz harakat qiladi. Metall uchlariga kuchlanish berilganda erkin elektronlar elektr maydon ta’sirida tartibli harakatga keladi — metallarda elektr toki shu. Elektronlarning ionlar bilan to‘qnashuvi harakatga qarshilik hosil qiladi; shu sababli o‘tkazgichda qarshilik bor va u qiziydi. Tok yo‘nalishi sifatida musbat zaryadlar harakati yo‘nalishi, ya’ni manbaning «+» qutbidan «–» qutbiga tomon yo‘nalish qabul qilingan; elektronlar esa aksincha, «–» dan «+» ga qarab harakatlanadi. Tok kuchi I = q/t, ya’ni o‘tkazgich kesimidan t vaqtda o‘tgan zaryad. Zaryad elektronlar soni va elektron zaryadi e bilan topiladi: q = N·e.
Daftarga metall panjarasi sxemasini chizing: ionlarni «+» doiralar, elektronlarni «–» nuqtalar bilan, so‘ng manba ulanganda elektronlar va tok yo‘nalishini strelkalar bilan ko‘rsating.