Modda tuzilishi haqida Demokrit, Ar-Roziy, Beruniy va Ibn Sino ta’limotlari
Suv qaynaganda bug‘ga aylanadi, qishda esa muzlaydi. Bunga o‘xshash savollar odamlarni qadimdan qiziqtirgan: moddaning ichida nima bor? Yunon olimi Demokrit (taxminan e.a. 460–370) hamma narsa juda mayda, bo‘linmaydigan zarralar — atomlardan tashkil topgan deb hisoblagan; «atom» grekcha «bo‘linmas» degani. Uning asari bizgacha yetib kelmagan, fikrlari boshqalarning kitoblarida saqlangan. Buyuk bobomiz Abu Bakr Ar-Roziy (taxminan 865–925) atomning ham bo‘linishi mumkin, uning ichida bo‘shliq va harakatdagi bo‘lakchalar bor, bo‘lakchalar orasida o‘zaro ta’sir kuchlari bor, degan g‘oyani aytgan. Beruniy va Ibn Sino bu masalada xat yozishib, bahslashgan: Beruniy atomning bo‘linishi na «umuman yo‘q», na «cheksiz» bo‘lishi mumkin emas, deb hisoblagan; Ibn Sino bo‘linish chegarasi borligini aytgan. Hozir atom murakkab tuzilganligi isbotlangan: u musbat zaryadli yadro va uning atrofidagi manfiy zaryadli elektronlardan iborat; yadro esa protonlar va neytronlardan, ular esa kvarklardan tashkil topgan.
«Bo‘linish chegarasi»: bir varaq qog‘ozni (xavfsiz qaychi bilan) yarmiga qirqing, bo‘lakni yana yarmiga va hokazo. Necha marta bo‘lgach, davom ettirib bo‘lmaydi? Fikrlang: moddani bo‘lish qayerda tugaydi?