Kuzatishlar va tajribalar
Atrofdagi olam haqidagi dastlabki bilimlarni biz hodisalarni kuzatib olamiz. Masalan, odamlar qadim zamonlardan jismlarning Yerga tushishini kuzatgan va «tushish tezligi nimaga bog‘liq?» deb so‘ragan. Aristotel jism qancha og‘ir bo‘lsa, shuncha tez tushadi, degan fikrni aytgan. Fikrlash jarayonida hodisaning sababi haqida taxmin — gipoteza paydo bo‘ladi. Gipotezani tekshirish uchun maxsus tajriba — eksperiment o‘tkaziladi: unda kuzatish bilan birga o‘lchashlar ham bajariladi. Afsonaga ko‘ra, Galiley Piza minorasidan yengil va og‘ir sharlarni bir vaqtda tashlab, ularning yerga deyarli bir vaqtda tushishini ko‘rsatgan va Aristotel fikrini rad etgan. Shunday qilib, fizik bilimlar ketma-ketligi: kuzatish → gipoteza → eksperiment → xulosa. Eksperiment uchun o‘lchov asboblari kerak: chizg‘ich, o‘lchov tasmasi, shtangensirkul (qalinlik va tirqish kengligi uchun), menzurka (suyuqlik hajmi uchun), tarozi (massa), sekundomer (vaqt), termometr (temperatura).
«Tushayotgan jismlar»: (1) bir varaq qog‘oz va bir xil varaqdan yasalgan g‘ijim sharcha, (2) varaqni kitob ustiga qo‘yib birga tashlash. Natijalarni kuzatib, gipoteza tuzing va xulosa yozing. Xavfsizlik: balandlik 1,5–2 m dan oshmasin, tushayotgan joyda hech kim bo‘lmasin. Qo‘shimcha: sog‘lom o‘quvchilar 1 minutda yurak urishini sanaydi (tinch holatda taxminan 70–100 marta), so‘ng yengil mashqdan keyin qayta sanaydi.