Birinchi jahon urushi
Urushlarning eng dahshatlisi jahon urushlaridir, chunki ularda dunyoning ko‘p davlati qatnashadi. Birinchi jahon urushi 1914-yildan 1918-yilgacha davom etdi. 1914-yilgacha kuchli davlatlar, jumladan Buyuk Britaniya, Fransiya va Rossiya imperiyasi, juda ko‘p mustamlakalarga ega edi; Germaniya, Avstriya-Vengriya va Italiyaning mustamlakalari kam bo‘lib, Germaniya dunyoni qayta bo‘lishni talab qila boshladi. Yevropa ikki ittifoqqa bo‘lindi: Germaniya, Avstriya-Vengriya va Italiya — «Uchlar ittifoqi»; Buyuk Britaniya, Fransiya va Rossiya — «Antanta». 1914-yil iyunida Avstriya-Vengriya taxt vorisi o‘ldirilgandan keyin Serbiyaga urush e’lon qildi, ittifoqchilar birin-ketin urushga tortildi. Italiya keyinroq (1915) Antanta tomoniga o‘tdi. Urushga jami 30 dan ortiq davlat qo‘shildi. Yangi qurollar: suvosti kemalari, zaharli gaz, tanklar va samolyotlar. 1917-yilda AQSH Antanta tomonida urushga kirdi. Urush 1918-yilning 11-noyabrida Germaniya va ittifoqchilarining mag‘lubiyati bilan tugadi. Natijada Germaniya, Avstriya-Vengriya, Usmoniylar va Rossiya imperiyalari yo‘q bo‘ldi. Urushda taxminan 10 million askar halok bo‘ldi, 20 millionga yaqin kishi yaradorlandi, ko‘plab tinch aholi ham azob chekdi.
«Ittifoqlar sxemasi»: ikki rangli doira chizib, Uchlar ittifoqi va Antanta davlatlarini yozing. Italiya qayerga ko‘chdi? Nima uchun?