XXI asr — ilm-fan va taraqqiyot asri
Ilm — dunyo haqidagi bilimlar tizimi; «fan» so‘zi ham shu ma’noni bildiradi. Texnika esa inson mehnatini yengillashtiradigan mashina va asboblardir. Bir vaqtlar odam ketmon bilan kanal qazigan, keyin ekskavator paydo bo‘ldi. Ilm-fan yutuqlari tufayli samolyotlar, kompyuterlar, internet, uyali telefonlar paydo bo‘ldi. 1961-yil 12-aprelda Yuriy Gagarin birinchi bo‘lib kosmosga uchdi, 1969-yil 20-iyulda odam birinchi marta Oyga qadam qo‘ydi. Tibbiyotda a’zolarni ko‘chirib o‘tqazish va ko‘p kasalliklarni jarrohlik tig‘isiz davolash mumkin bo‘ldi. Bu o‘zgarishlar ilmiy-texnika inqilobi deb ataladi. Nanotexnologiya — juda mayda o‘lchamlarda ishlaydigan texnologiya; u asboblarni kichiklashtirishga imkon beradi, masalan, kichik fleshkaga yuzlab kitob sig‘adi. Hozir sun’iy intellekt va toza energiya kabi yangi sohalar ham rivojlanmoqda. Ilmiy kashfiyotlari uchun olimlar Nobel mukofoti bilan taqdirlanadi: shvetsiyalik Alfred Nobel dinamitni ixtiro qilgan, vasiyatiga ko‘ra mukofot 1901-yildan beriladi. Ilm-fan taraqqiyoti mamlakat kelajagini belgilaydi. O‘zbekiston mustaqillik yillarida yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatladi: 1997-yilda «Umid» jamg‘armasi tuzilib, yoshlar chet elda o‘qigan; «Iste’dod» jamg‘armasi, Prezident, «Navoiy», «Beruniy», «Kamolot» stipendiyalari ta’sis etilgan. Lekin tabiiy boyliklarning o‘zi yetarli emas — eng muhimi bilim va tafakkur. Sizning ham a’lo o‘qishingiz mamlakat kelajagiga hissa.
«Kelajak ixtirosi»: bir muammoni tanlang (masalan, ko‘cha tozaligi, suv tejash) va uni hal qiladigan ixtiro g‘oyasini chizing. U qanday ishlaydi?