O‘zbekistonning tarixiy-me’moriy yodgorliklari
Ismoil Somoniy maqbarasi Buxoroda, IX–X asr chegarasida pishiq g‘ishtdan qurilgan; devori to‘qilgan bo‘yraga o‘xshaydi, usti gumbaz bilan yopilgan. Minorayi Kalon (Katta minora) 1127-yilda Qoraxoniylar hukmdori Arslonxon qurdirgan; uning balandligi taxminan 46 metr, tepasiga ichidagi aylanma zina orqali chiqilgan, tepasidagi derazalardan atrofni kuzatish mumkin. Samarqanddagi Registon — «qumli joy», ya’ni shaharning markaziy maydoni. Unda uchta madrasa joylashgan: Ulug‘bek madrasasi (1417–1420-yillar), Sherdor va Tillakori madrasalari (XVII asr); keyingi ikkisini Samarqand hokimi Yalangto‘sh Bahodir qurdirgan. Sherdor peshtoqida ohuni quvayotgan sher tasviri bor. Tillakori ichidagi masjid ko‘p oltin bilan bezatilgani uchun shunday atalgan. Hozir Registonda «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali o‘tkaziladi. Shahrisabzdagi Oqsaroyni Amir Temur 1380-yildan qurdira boshlagan; bugungi kunda uning ulkan peshtoqining ikki chekkasi va poydevor qismi saqlangan. Ichan qal’a — Xivaning ichki shahri: unda Ko‘hna Ark, madrasa, masjid, maqbara va boshqa o‘nlab yodgorliklar bor. U 1990-yilda YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
«Obida detektiv»: har bir obidaning qaysi shaharda ekanini, qaysi asrda qurilganini va ikkita o‘ziga xos belgisini yozing. Sinfdoshingiz obidani taxmin qilsin.