Hujjatlarda jadvallar bilan ishlash
Ma’lumotlar tartibli va tushunarli bo‘lishi uchun ularni jadval ko‘rinishida yozish qulay: do‘kondagi narxlar, ob-havo kuzatuvi, kutubxona ro‘yxati shunday. Jadval – gorizontal va vertikal chiziqlar hosil qilgan kataklar to‘plami. Gorizontal qatorlar satr, vertikal qatorlar ustun deyiladi, ularning kesishgan joyi esa katak. Wordda jadval Qo‘yish (Insert) → Jadval (Table) orqali yaratiladi: oq kataklardan kerakli satr va ustunlar soni belgilanadi. Kataklarga matn, son va rasm yozish mumkin; keyingi katakka o‘tish uchun Tab tugmasi yoki sichqoncha ishlatiladi. Ustun kengligini chegara chizig‘ini sudrab o‘zgartiramiz. Bir nechta katakni birlashtirish uchun ularni belgilab, o‘ng tugma → Kataklarni birlashtirish (Merge Cells) tanlanadi. Katakni bo‘yash uchun Jadval dizayni tabidagi Bo‘yash (Shading) ishlatiladi. Sarlavha satri odatda qalin va rangli qilinadi.
«Mening sinfim jadvali»: har bir guruh Wordda «Sinf jadvali» yaratadi: ism, tug‘ilgan oy, sevimli fan. Tayyor bo‘lgach, bir guruh ikkinchisining jadvalini tekshiradi.