Spraytlar liboslari (kostyumlari)ni almashtirish
Har bir spraytning kamida bitta kostyumi (libosi) bor; ba’zilarida bir nechta – masalan, mushukchaning yurishdagi ikki holati. Kostyumlar Kostyumlar (Costumes) bo‘limida ko‘rinadi. U yerda yangi kostyum tanlash, o‘zingiz chizish (Paint), kompyuterdan yuklash yoki tasodifiy tanlash, shuningdek, mavjud kostyumni grafik muharrir yordamida bo‘yash va o‘zgartirish mumkin. Dasturda kostyumni almashtirish uchun «Tashqi ko‘rinish» (Looks) toifasidagi «keyingi kostyum» yoki «kostyumni ... ga almashtir» bloklari ishlatiladi. Harakat jonli ko‘rinishi uchun kostyumlar orasida «kut» bloki bilan qisqa pauza (masalan, 0,2 soniya) qo‘yiladi va hammasi «doimo» yoki «takrorla» ichiga joylanadi. Sprayt harakatiga ovoz qo‘shish uchun Ovozlar (Sounds) bo‘limidan tovush tanlanib, kodda «ovozni boshla» bloki qo‘shiladi. Quloqchin ishlatsangiz ovozni past qo‘ying. Ikkita alohida skript bir vaqtda ishlashi mumkin: biri kostyum almashtiradi, ikkinchisi musiqa chaladi.
«Jonli multfilm»: bolalar daftar chetida 5–6 varaqda tayoqcha odamning ketma-ket holatlarini chizadi va varaqlarni tez varaqlab, harakat hosil bo‘lishini ko‘radi; bu kostyumlar almashishiga o‘xshaydi.