Quroqchilik san’ati; «Tegirmon» usuli
Quroq – bitta buyumda rangi va fakturasi turlicha bo‘lgan gazlama qoldiqlarini birlashtirishdir. Shu usulda yostiq jildi, ko‘rpa, divan va stul g‘ilofi, gilamcha, kiyim bezagi tayyorlanadi. Yangi va ishlatilgan har qanday gazlamadan foydalanish mumkin. Yangi gazlama oldindan dekatirovka qilinadi (bug‘ yoki issiq suv bilan kirishmaydigan qilinadi), chunki ikki xil gazlama yuvilgach har xil kirishsa buyum buzilib ketadi. Ishlatilgan bo‘laklar yuviladi, kraxmallanadi va dazmollanadi. Paxta gazlama qoldiqlari qulay, paltobop gazlamalar yumshoq va gilam, g‘ilof, panno uchun yaroqli, ipak kraxmallangandan so‘ng ishlatiladi, lekin uzoq bardosh bermaydi. Asboblar: igna, ip, o‘tkir qaychi, to‘g‘nog‘ich, rangli qalam, chizg‘ich, karton yoki qalin qog‘oz, g‘ardish. Quroq naqshi bir xil shakl va o‘lchamdagi alohida elementlardan iborat; kesish uchun kartondan shablon tayyorlanadi: kerakli shakl (kvadrat, uchburchak, oltiburchak) chok haqisiz chiziladi, so‘ng hamma tomondan 0,5–0,7 sm chok haqi qoldirib ikkinchi chiziq chiziladi va ichki hamda tashqi kontur bo‘ylab kesiladi. Shablon gazlamaning ters tomoniga qo‘yilib qalam bilan aylantiriladi; tashqi kontur bo‘ylab kesiladi, ichki kontur bo‘ylab ikki detal tikib birlashtiriladi. Geometrik naqshlar uch guruhga bo‘linadi: uchburchaklar, yo‘l-yo‘l, spiral. «Kvadrat ichida kvadrat» va «Tegirmon» uchburchakli naqshlardir. «Tegirmon»: ikki uchburchak diagonal bo‘yicha birlashtirilib 4 ta kvadrat tayyorlanadi, so‘ng ular ikkitadan va nihoyat hammasi birlashtiriladi; ranglar kontrast bo‘lishi kerak. Xavfsizlik: karton va gazlamani o‘tkir qaychi yoki pichoq bilan stolga qo‘yib, barmoqlarni pichoq yo‘lidan uzoqda tutib kesing; qaychi yopiq uzatiladi; dekatirovka qaynoq suv va bug‘ bilan bajariladi – bu ishni o‘qituvchi yoki kattalar bajaradi; dazmol qoidalariga rioya qiling; igna-to‘g‘nog‘ichlarni sanab oling.
Shablon: kartondan 7 sm li kvadrat shablon tayyorlang (chok haqi bilan 9 sm), undan 4 ta rangli qog‘oz kvadratni qirqib «Tegirmon» naqshini yig‘ing va yopishtiring. O‘tkir qaychi bilan ehtiyotkor ishlang.