Qo‘lda bajariladigan ishlarning texnik shartlari; merejka
Qo‘l ishlari ikki guruhga bo‘linadi: tik turib va o‘tirib bajariladigan ishlar. O‘tirganda oyoqlar polga to‘la tiralib turishi, gavda va bosh to‘g‘ri bo‘lishi kerak, aks holda odam tez charchaydi va gavdasi qiyshayadi. Tikilayotgan buyum ko‘zdan 25–30 sm masofada tutiladi, yorug‘lik chap tomondan tushadi. Vaqtincha qaviqqator (ko‘klash) asosiy gazlamadan farq qiladigan rangli ip bilan, doimiy qaviqlar gazlama rangiga mos ip bilan tikiladi; ip uchi tugilib, oxirida bir joyga 2–3 qaviq solib puxtalanadi. Yupqa gazlama qalin gazlama ustiga qo‘yiladi. Asboblar: gazlamaga mos igna, barmoqqa mos angishvona, qaychi, santimetrli lenta, andoza, bo‘r yoki sovun, to‘g‘nog‘ich. Ignalar 1 dan 12 gacha raqamlanadi; yupqa gazlamaga 1–3, qalin matoga 9–12 raqamli igna olinadi. Ip raqami ham gazlamaga moslanadi: yupqa gazlamaga 50–80, qalinga 30–40. Meryejka – baxyasimon kashtaning eng oddiy turi: gazlamadan bo‘ylama va ko‘ndalang iplar sug‘urib siyraklashtiriladi, qolgan iplar bir necha donadan bog‘lanib ustunchalar hosil qilinadi. Kashta uchun polotno to‘qilishdagi gazlama olinadi va u g‘ardishga tortiladi. 130×130 sm dasturxon chetidan bir xil kenglikda iplar sug‘urib olinadi (iplar uzilib ketmasin!), tanda va arqoq iplar teng miqdorda; naqsh to‘rt chetda ishlanadi. Chetlari popuk yoki bukma shokda tikiladi. Tikib bo‘lgach, ipdan tozalanib, nam mato orqali dazmollanadi. Xavfsizlik: igna, to‘g‘nog‘ich, qaychi qutida saqlanadi, ishdan keyin sanab olinadi; ignani og‘izga, kiyimga yoki stol chetiga qadamang; qaychi yopiq holda tutqichi bilan uzatiladi; sinib qolgan igna yo‘qolmasin, o‘qituvchiga ayting; dazmolni o‘qituvchi yoki kattalar nazoratida ishlating.
Texnologik xarita: meryejkada dasturxon chetini bezash ishining 6 qadamli xaritasini chizing (iplar sug‘urish, g‘ardishga tortish, ustunchalar, popuk, tozalash, dazmollash) va har qadam yoniga xavfsizlik belgisini qo‘ying.