Ta’mirlash materiallari, asboblari va kasblari
Uy va xonadonlarni ta’mirlashning uch turi farqlanadi. Kosmetik ta’mirlash eng sodda va arzon: devor va shiftni tekislash, oboy, plintus va pol qoplamasini yangilash, lekin santexnika va devor konstruksiyasi o‘zgarmaydi. Kapital ta’mirlashda aloqa tarmoqlari almashtiriladi, devorlar konstruksiyasi o‘zgarishi mumkin, uni mutaxassislar bajaradi. Elita ta’mirlash ham kapitalga o‘xshaydi, lekin zamonaviy materiallar va dizayner loyihasi asosida bajariladi. O‘lchashda aniqlik talab qilinmaganda yig‘ma metr yoki ruletka, aniqroq o‘lchash uchun shtangensirkul, quvur, sim va yupqa list qalinligi uchun mikrometr, tashqi o‘lchamlar uchun kronsirkul, ichki o‘lchamlar uchun nutromer ishlatiladi. An’anaviy materiallar – yog‘och, tosh, g‘isht – yoniga beton, po‘lat, shisha va plastmassa qo‘shildi; hozir temirbeton va metalloplastik quvurlar keng qo‘llanadi. Zamonaviy materiallar yengil va mustahkam. Qurilish va ta’mirlash bilan bog‘liq kasblar: bino loyihachisi va quruvchi, obodonlashtirish loyihachisi, binolardan foydalanish texnigi, ko‘chmas mulkni baholovchi inspektor. Ta’mirlashda changdan niqob, ko‘zni himoyalovchi ko‘zoynak, qo‘lqop kiyiladi, narvon mustahkam turishi tekshiriladi, bo‘yoq va erituvchilar bilan shamollatilgan xonada ishlanadi, elektr asboblar bilan kattalar ishlaydi.
Hisob-kitob: sinf xonasi o‘lchamlarini ruletka bilan (o‘qituvchi bilan) o‘lchab, pol va devor yuzasini hisoblang, kosmetik ta’mirlash uchun nimalar kerakligini ro‘yxatga oling. Narvon yoki stolga chiqmang.