Somoniylar davrida ijtimoiy-iqtisodiy hayot
IX–X asrlarda Movarounnahr aholisining ko‘pchiligi sug‘orma dehqonchilik bilan shug‘ullangan; g‘alla, sholi, paxta, sabzavot va bog‘dorchilik rivojlangan, xirojdan tushgan daromad davlat xazinasining katta qismini tashkil etgan. Shaharlarda to‘qimachilik, kulolchilik, shishasozlik, zargarlik va boshqa kasblar rivoj topdi; Samarqandda yuqori navli qog‘oz tayyorlangan, Eloqda kumush konlari va zarbxona bo‘lgan. Karvon yo‘llari bo‘yida rabot va karvonsaroylar qurilgan, savdogarlar pulni sarrofga topshirib, «chek» olgan. Ichki bozorda mis fals, xalqaro savdoda kumush dirham ishlatilgan; dirham faqat hukmdor nomidan Marv, Samarqand, Buxoro va Shoshda zarb qilingan. Yer egaligi beshta asosiy turga bo‘lingan: mulki sultoniy, mulk, vaqf, mulki xos va jamoa yerlari; X asrda iqto ko‘paya bordi. Harbiy yurishlar, saroydagi nizolar va hokimlar o‘zboshimchaligi tufayli iqtisodiy tanglik yuz berdi: 942-yilda aholidan ikki marta soliq olindi, 947-yilda Ibrohim va Abu Ali Chag‘oniy isyon ko‘tardi, 961-yilda Buxoro askarlari saroyni talab o‘t qo‘ydi.
«Bozor»: bir guruh sarroflar, bir guruh savdogarlar bo‘lib, «chek» bilan hisob-kitob qilishni sahnalashtiring.