Xorazm davlati va uning yuksalishi
995-yilda Gurganch hukmdori Ma’mun ibn Muhammad Katni egallagach, butun Xorazm bitta hukmdor qo‘liga o‘tdi va u xorazmshoh deb atala boshladi. Shu bilan afrig‘iylar sulolasi o‘rnini ma’muniylar egalladi, markaz esa Ko‘hna Urganchga ko‘chdi. 1017-yilda Mahmud G‘aznaviy Xorazmni zabt etdi, 1040-yildan Xorazm saljuqiylarga qaram bo‘ldi; saljuqiy noibi Anushtegin avlodlari — Anushteginiylar Xorazmni boshqardi. Qutbiddin Muhammad (1097–1127) xorazmshoh unvonini tikladi, Otsiz (1127–1156) esa mustaqillik uchun kurashib, Kaspiydan Sirdaryo o‘rta oqimigacha bo‘lgan yerlarda davlat poydevorini qurdi. Takash (1172–1200) 1187–1193-yillarda Nishopur, Ray va Marvni oldi, 1194-yilda saljuqiy sultoni To‘g‘rulni yengdi. Uning o‘g‘li Alovuddin Muhammad (1200–1220) 1210-yilda qoraxitoylarni mag‘lub etib, Yettisuvgacha bo‘lgan yerlarni qo‘shdi. Biroq yuksalish mehnatkashlar ahvolini yengillashtirmadi: 1210-yilda O‘trorda, 1212-yilda Samarqandda qo‘zg‘olonlar bo‘ldi, viloyat hokimlari va saroy fitnalari davlatni beqaror qildi.
«Sulola daraxti»: Anushtegin → Qutbiddin → Otsiz → Takash → Muhammad shajarasini doskada chizing.