Tadqiqot loyihasi
Tadqiqot loyihasi bosqichma-bosqich tuziladi. 1) Kirish: mavzu nima va nega muhim. 2) Maqsad: tadqiqotni nima uchun olib borasiz. 3) Vazifalar: maqsadga erishish uchun qiladigan ishlar (ma’lumot yig‘ish, o‘qish, kuzatish, xulosa). 4) Obyekt: nimani o‘rganasiz. 5) Predmet: obyektning qaysi tomonini o‘rganasiz. 6) Gipoteza: taxmin. 7) Tajriba yoki kuzatuv, so‘rovnoma. 8) Xulosa: gipoteza tasdiqlandimi yoki yo‘qmi. Masalan, «Maktab o‘quvchilari kuniga qancha suv ichadi?» mavzusida: maqsad — suv ichish odatini o‘rganish; obyekt — sinfdoshlar; predmet — ichiladigan suv miqdori; gipoteza — «ko‘pchilik kuniga 1 litrdan kam suv ichadi». So‘rovnoma o‘tkazib, natijani sanab, jadvalga yozasiz va xulosa chiqarasiz. Gipoteza tasdiqlanmasa ham, bu muhim natija. Mavzu variantlari: gigiyena, sog‘lom uyqu, to‘g‘ri ovqatlanish, toza havo, gadjetlar va ko‘z, jismoniy yuklama, chiniqish, o‘simliklar va hayvonlarning hayotimizdagi o‘rni, bakteriya va viruslar.
Loyiha taqdimoti: o‘zingiz tanlagan mavzu bo‘yicha loyiha rejasining 8 qismini bir sahifada yozing va sinfda ikki daqiqada tushuntiring.