Organizmning himoya kuchlari
Kasalliklar ko‘pincha ko‘zga ko‘rinmas zarrachalar — viruslar va mikroblar tufayli paydo bo‘ladi. Ularni davolashdan ko‘ra oldini olish osonroq. Tanamizning o‘z himoyachilari bor — qondagi leykotsitlar. Ular begona bakteriya yoki virusni uchratsa, hujum qilib yo‘q qiladi va uni eslab qoladi, shunda keyingi safar tezroq kurashadi. Organizmning kasallikka qarshilik qilish qobiliyati immunitet deyiladi. Chaqaloq dastlab ona suti orqali ba’zi himoya moddalarini oladi. Immunitetga ichakdagi foydali bakteriyalar, to‘g‘ri ovqatlanish, vitaminlar, uyqu va harakat yordam beradi. Vitamin A ko‘rish va terini, vitamin B asab tizimini, vitamin C himoya kuchlarini qo‘llaydi, vitamin D suyaklarni mustahkamlaydi. Qadimda uzoq safarga chiqqan dengizchilar C vitamini yetishmasligidan singa kasaliga uchragan; limon, apelsin, karam, bulg‘or qalampiri kabi mahsulotlarda C vitamini ko‘p. Vitamin va dori-darmonlarni kattalar va shifokor maslahatisiz ichmang.
«Vitamin loto»: rasmli kartochkalar (limon, sabzi, sut, baliq, karam, yong‘oq) bo‘yicha qaysi vitamin ko‘pligini taxmin qiling va tekshiring. Bir kunlik «vitaminli» tushlik menyusini tuzing.