Tuproq va uning tarkibi
Tuproq — Yer qobig‘ining eng ustki yumshoq qatlami. U qum, loy, chirindi, mineral tuzlar, suv va havodan iborat. Chirindi — o‘simlik va hayvon qoldiqlari chirishidan hosil bo‘ladigan qora, to‘yimli modda; uni ko‘plab mayda jonzotlar va chuvalchanglar tayyorlaydi. Qumli tuproq suvni tez o‘tkazib yuboradi, shuning uchun tez quriydi. Loyli tuproq suvni ushlab turadi, lekin havo kam o‘tadi. Eng yaxshi tuproqda qum va loy aralashgan, chirindi esa ko‘p bo‘ladi. Tuproqning o‘simlik o‘stirish xususiyati unumdorlik deyiladi. Qora tuproq (chernozem) juda unumdor; bo‘z tuproq O‘zbekistonning keng yerlarida uchraydi va sug‘orilsa yaxshi hosil beradi; sho‘rxok tuproqda esa tuz ko‘p, o‘simliklar qiyin o‘sadi.
Tajriba: ikkita idishga bir xil miqdorda qum va loyli tuproq soling. Har birining ustiga bir stakan suv quying va suv necha soniyada pastga o‘tishini taqqoslang. Natijani jadvalga yozing. Qo‘llaringizni tajribadan keyin yuving.