Qirg‘iziston Respublikasi
Qirg‘iziston Yevrosiyoning o‘rtasida, Tyanshan tog‘lari hududida joylashgan; maydoni taxminan 200 ming km², aholisi taxminan 7 mln kishi, poytaxti — Bishkek. U Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston va Xitoy bilan chegaradosh, okeanga chiqmaydi. Iqtisodiy-geografik o‘rni nisbatan noqulay: tog‘lar sababli yirik xalqaro magistrallar kam. 2021-yildagi konstitutsiyaga ko‘ra davlat kuchli prezident boshqaruvidagi respublika; ma’muriy bo‘linishi — 7 viloyat va Bishkek hamda O‘sh shaharlari. Mamlakat hududining deyarli 90 % ini tog‘ tizmalari egallaydi; Xitoy bilan chegarada Tyanshanning eng baland nuqtalaridan biri — Jengish Chokusu (G‘alaba cho‘qqisi, 7 439 m). Yirik muzliklar daryo va ko‘llarni to‘ldiradi: Norin, Chuy, Talas daryolari, eng katta ko‘li — Issiqko‘l. Foydali qazilmalar: oltin, surma, simob, volfram, uran, qalayi; neft va gaz kam, shuning uchun yoqilg‘i import qilinadi. Suv-energetika resurslari boy, elektr energiyasi asosan Norin daryosidagi GESlarda olinadi. Aholisi tog‘ oralig‘idagi vodiylarda (Farg‘ona, Chuy) to‘plangan; shaharlarda aholining uchdan bir qismi yashaydi; eng yirik shahar — Bishkek (1 mln dan ortiq), keyin O‘sh. Qirg‘izlar taxminan to‘rtdan uch qism, o‘zbeklar taxminan 15 % (asosan janubda, O‘sh va Jalolobodda), ruslar, dunganlar, uyg‘urlar va tojiklar ham bor. Iqtisodiyotida qishloq xo‘jaligi muhim, shuning uchun agrar-industrial davlat; sanoati tog‘-kon (oltin eksportning katta qismi, Kumtor koni), yengil va oziq-ovqat sanoati. Dehqonchilikda bug‘doy, kartoshka, sabzavot, paxta, tamaki; yaylovlarda qo‘y, echki, qoramol, ot boqiladi. Issiqko‘l atrofi yirik turizm hududi.
«Tog‘li Qirg‘iziston»: o‘quvchilar xaritada Tyanshan, Issiqko‘l, Norin, Chuy vodiysi, Bishkek va O‘shni belgilab, aholi zichligi qaerda yuqoriligini tushuntiradi.