Ma’rifat asri
XVIII asr Yevropa tarixida Ma’rifat asri deb ataladi: ilm-fan tor doiradan chiqib, keng jamoatchilikka tarqaldi. Ma’rifatparvarlar inson aqli va fanning kuchiga ishondi, feodal tartiblar va absolutizmni tanqid qildi, ularning shiori — «fan va taraqqiyot». Eng mashhurlari fransuzlar Volter, Sharl Monteskyo («hokimiyatlar bo‘linishi» g‘oyasi), Jan Jak Russo («Ijtimoiy shartnoma» — xalq hokimiyati) va Deni Didro (Entsiklopediya muharrirlaridan) hamda ingliz Adam Smit (iqtisodchi, «Xalqlar boyligi», 1776) edi. Adabiyotda Daniyel Defo «Robinzon Kruzo»da mehnatsevar insonni, Jonatan Svift «Gulliverning sayohatlari»da jamiyat illatlarini tasvirladi, nemis shoiri Gyote «Faust» dramasini yaratdi. Musiqada Iogann Sebastyan Bax, Volfgang Amadey Motsart va Lyudvig van Betxoven nom qoldirdi; Betxovenning «Qahramonnoma» simfoniyasi (3-simfoniya) dastlab Bonapartga bag‘ishlanmoqchi bo‘lgan, u imperator bo‘lgach, bu fikrdan qaytgan. Ma’rifat g‘oyalari Amerikadagi mustaqillik urushi va Fransiya inqilobi uchun g‘oyaviy asos bo‘ldi.
«Salon bahsi»: guruhlar Volter, Monteskyo, Russo rolida «Davlat qanday boshqarilishi kerak?» mavzusida bahslashadi.