1800–1870-yillarda Buyuk Britaniya
XIX asrning o‘rtalarida Britaniya «dunyo ustaxonasi» deb atalardi: u jahon sanoat mahsulotining katta qismini berar, flotida esa tengi yo‘q edi. 1825-yilda dunyodagi birinchi jamoat temir yo‘li ochildi, keyingi o‘n yillarda butun mamlakat relslar bilan qoplandi. Sanoat shaharlari o‘sib, ishchilar va tadbirkorlar siyosiy huquq talab qila boshladi; 1832-yilgi islohot parlamentda yangi shaharlarga o‘rin berdi, 1867-yilda esa saylov huquqi yana kengaytirildi. Ishchilar chartizm harakatini boshladi — ular Xalq xartiyasida erkaklar uchun umumiy saylov huquqini talab qildi, garchi o‘sha paytda bu talablar bajarilmagan bo‘lsa-da. 1833-yilgi Fabrika qonuni bolalar mehnatini cheklab qo‘ydi. 1851-yilda Londonda birinchi jahon sanoat ko‘rgazmasi o‘tdi, 1867-yilda Kanada ichki boshqaruvli dominionga aylandi.
«Parlament o‘yini»: sinf ikkiga bo‘linib, ishchilar va fabrika egalari rolini o‘ynaydi va saylov huquqi haqida bahslashadi.