Suv uyimizga qanday yetib keladi?
Suv quvuri juda qadimiy ixtiro: odamlar taxminan 6000 yil muqaddam shaharga suvni loydan pishirilgan quvurlar orqali olib kelishgan. Qadimgi Rimda quvurlar baland ko‘priklar — akveduklar ichidan o‘tgan; qadimgi Samarqandda ham shunga o‘xshash suv quvurlari bo‘lgan. Bizning mintaqada yerosti suvidan foydalanish uchun bir-biriga ulangan quduqlar — koriz tizimi qurilgan. Hozirgi shahar suvi quyidagicha yetib keladi: 1) nasoslar suvni daryo yoki suv omboridan tortib oladi; 2) suvga mayda loy zarrachalarini birlashtiradigan modda qo‘shiladi, ular cho‘kadi; 3) suv filtrlardan o‘tadi; 4) bakteriya va viruslarni yo‘qotish uchun zararsizlantiriladi; 5) saqlash joyiga kelib, quvurlar orqali uylarga boradi. Suv manbai yo‘q joylarda artezian quduqlaridan suv olinadi. Uydan chiqqan iflos suv oqova quvurlariga tushadi va tozalash stansiyasiga boradi: u yerda yirik axlat va qum ajratiladi, suv tindiriladi, bakteriyalar yordamida tozalanadi, zararsizlantiriladi va faqat shundan keyin daryo yoki dalaga qo‘yiladi. Bu ishni muhandislar, suv tozalash mutaxassislari va santexniklar bajaradi.
«Suvning yo‘li»: karton qutilar va ip bilan suvning daryodan kran va oqovagacha yo‘lini maket qilib ko‘rsating. Har bir bosqichni yozuv bilan belgilang.