Suv va uning xossalari
Gidrosfera — Yerning suv qobig‘i: okean, dengiz, ko‘l, daryo, muzliklar, yerosti suvlari. Yer yuzining taxminan to‘rtdan uch qismini suv qoplagan, shuning uchun Yer «Moviy sayyora» deyiladi. Suv barcha tirik mavjudotlar tanasida bor: inson tanasining yarmidan ko‘prog‘i (taxminan 60%) suvdan iborat. Toza suv rangsiz, ta’msiz, hidsiz va shaffof. Daryo suvi tuproq aralashgani uchun loyqa, dengiz suvi esa chuqurda ko‘k ko‘rinadi, chunki suv yorug‘likning qizil qismini ko‘proq yutadi, ko‘k qismi esa qaytadi. Suv tabiatda uch holatda uchraydi: muz, suyuq suv va bug‘. Suvning ajoyib xususiyati — muz suvdan yengil, shuning uchun suvda suzadi. Agar muz cho‘ksa, qishda ko‘l va daryolar tubigacha muzlab, baliqlar halok bo‘lardi; hozir esa muz qatlami suvni sovuqdan qoplab turadi. Suv ko‘p moddalarni eritadi: shakar va tuz suvda eriydi, qum, tuproq va o‘simlik yog‘i erimaydi. Distillangan (toza) suv ta’msiz; mineral suvda foydali tuzlar ko‘p.
Tajriba: uchta stakanga suv quying; birinchisiga shakar, ikkinchisiga qum, uchinchisiga o‘simlik yog‘i qo‘shib aralashtiring. Qaysi biri erishini kuzating, natijani jadvalga yozing. Muz bo‘lagini suvga solib, suzishini ko‘ring.