XIX asr oxiri — XX asr boshlarida Italiya
Fransiya–Prussiya urushi Italiyani to‘liq birlashtirishga imkon berdi: papa hokimiyatini qo‘riqlab turgan fransuz qo‘shini urush tufayli olib ketilgach, 1870-yil sentabrida italyan qo‘shini Rimni egalladi, u poytaxt bo‘ldi, papa hokimiyati Vatikan bilan cheklandi (1871-yilgi qonun papaning daxlsizligini tan oldi). Italiya ikki palatali parlamentli konstitutsiyaviy monarxiya edi; katolik dini yagona din deb tan olindi. Mamlakat agrar bo‘lib qoldi: yer yirik egalarda, dehqonlar og‘ir shartlarda ijarachi edi; shu bilan birga temiryo‘llar, savdo floti va yangi sanoat (masalan, «Fiat», 1899) rivojlandi. Aholining daromadi G‘arbiy Yevropada eng past darajada edi, ko‘plar chet elga ish izlab ketdi; 1892-yilda Sotsialistik partiya tuzildi, 1898-yilda Milanda ish tashlash to‘qnashuvlarga aylandi. 1903–1914-yillarda (tanaffuslar bilan) hukumatni J. Jolitti boshqardi: kasaba uyushmalari va ish tashlashga yo‘l qo‘yildi, bolalar va ayollarning tungi mehnati cheklandi, saylovdagi mulk va savodxonlik senzi bekor qilindi. Tashqi siyosatda Italiya 1882-yilda Uchlar ittifoqiga qo‘shildi, Eritreya va Somalini egalladi, ammo Efiopiyaga qarshi urushda 1896-yil 1-martda Adua yonida mag‘lub bo‘ldi. 1902-yilda Fransiya bilan betaraflik kelishuvi tuzdi, 1911-yilda Turkiyaga qarshi urush boshlab Liviyani egalladi.
«Italiya xaritasi»: Rim, Vatikan, Milan, Sitsiliya, Eritreya, Somali va Liviyani xaritada belgilang.