O‘simliklar va atrof-muhit
O‘simlik uchun atrof-muhit — u o‘sadigan tabiat: tuproq, suv, harorat, yorug‘lik, boshqa o‘simlik va hayvonlar. O‘simlik hayvon kabi boshqa joyga ko‘cha olmaydi, shuning uchun u asta-sekin, ko‘p avlodlar davomida muhitga moslashadi. Suvda o‘sadigan nilufarning keng yassi bargi suv yuzasida turadi. Cho‘lda suv kam: yantoqning ildizi yerosti suviga yetadigan darajada uzun, saksovulning barglari butunlay mayda tangachaga aylangan, ba’zi o‘simliklarning barglari tikan, mumsimon yoki kumushrang bo‘ladi va suvni kam bug‘latadi. Lola esa nam bahorda tez gullab, urug‘ beradi, quruq oylarni urug‘ yoki piyozbosh holida o‘tkazadi. Nam tropik o‘rmonda lianalar daraxtga o‘ralib yorug‘likka ko‘tariladi. Sovuq tundrada daraxtlar pastak, yerga yopishib o‘sadi.
Tajriba (kattalar yordamida): ikkita bir xil lobiya urug‘ini ikkita stakanga ekib, birini deraza yonida, ikkinchisini qorong‘i shkafda saqlang. Bir hafta kuzating va farqini yozing.