Jihozlar va ulardan foydalanish haqida umumiy tushuncha
Pazandachilikda ishlatiladigan jihozlar to‘rt guruhga bo‘linadi: 1) taom tayyorlash va isitish jihozlari (gaz yoki elektr plita, duxovka, elektr tova, suv qaynatkich, mikroto‘lqinli pech, toster); 2) mahsulotlarga mexanik ishlov beradigan jihozlar (go‘shtqiymalagich, sabzavot to‘g‘rash moslamasi, sharbat siqqich); 3) nomexanik jihozlar (shkaflar, stollar, taxtakachlar, pichoqlar, idish-tovoqlar); 4) dasturxon tuzash jihozlari (stol-stullar, servis, dasturxon). Jihozlar va idishlar harorat o‘zgarishiga, yuvuvchi va dezinfeksiya vositalariga chidamli, sirti silliq va tiniq bo‘lishi kerak; stollar usti suv o‘tkazmaydigan material bilan qoplanadi. Idish issiq suvda biroz soda va yuvish vositasi bilan yuviladi; og‘zi tor idishlar maxsus cho‘tkada tozalanadi. Mahsulotlar uchun alohida belgilangan taxta va pichoq: XG – xom go‘sht, XS – xom sabzavot, PG – pishgan go‘sht, PS – pishgan sabzavot, N – non. Tozalangan idishlar gigienik javonlarda saqlanadi.
Jihoz jadvali: ro‘yxatdagi 12 ta jihozni (plita, mikser, taxta, sharbat siqqich, tosterlar…) 4 guruhga ajrating. Elektr jihozlari ulanmagan holda ko‘rsatiladi; tegishdan oldin o‘qituvchi ruxsat beradi.