Qon aylanish tizimi
Qon tomirlari bo‘ylab qon oqadi. Qon hujayralarga kislorod va oziq moddalarni olib boradi, chiqindi va karbonat angidridni olib ketadi. Qon tarkibida suyuq qism va hujayralar bor: eritrotsitlar (qizil qon hujayralari) kislorod tashiydi, ular qonga qizil rang beradi; leykotsitlar (oq hujayralar) mikrob va viruslardan himoya qiladi; trombotsitlar qon oqishini to‘xtatadi. Yurak — mushakdan iborat nasos, u tinmay qonni haydaydi. Uning kattaligi mushtingiz kabi. Qon yurakdan o‘pkaga borib kislorod oladi, yurakka qaytadi va yurak uni butun tanaga haydaydi. Immunitet — organizmning kasalliklarga qarshi turish qobiliyati; leykotsitlar mikroblarni «eslab qoladi». Immunitetni mustahkamlash uchun: har kuni badantarbiya, to‘g‘ri ovqatlanish, yetarli uyqu, toza havoda sayr, kun tartibi, mavsumga mos kiyinish va asta-sekin chiniqish (kattalar bilan, sovuq suvga to‘satdan sho‘ng‘imasdan).
Puls o‘lchash: ikki barmoq bilan bilakdagi tomirni toping va 15 soniya urishni sanang, 4 ga ko‘paytiring (1 daqiqadagi urish). Keyin 20 marta sakrab, yana o‘lchang. Nima o‘zgardi? Natijani daftarga yozing.