Zilzilalar
Yer uch asosiy qatlamdan iborat: tashqarida qattiq Yer qobig‘i, o‘rtada issiq, zich mantiya, markazda juda issiq yadro. Qobiq yaxlit emas, u litosfera plitalaridan iborat va plitalar mantiya ustida juda sekin siljiydi. Plitalar to‘qnashganda yoki ishqalanganda yer qimirlaydi — bu zilzila. Mantiyaning erigan qismi vulqon orqali lava bo‘lib chiqishi mumkin. Zilzilalarni seysmologlar o‘rganadi, lekin zilzila qachon bo‘lishini oldindan aniq aytib bo‘lmaydi. Kuchi ballar bilan o‘lchanadi: 1 ball eng kuchsiz, 12 ball eng kuchli. Toshkentda 1966-yil 26-aprelda ertalab soat 5 dan 22 daqiqa o‘tganda kuchli zilzila bo‘lgan; uning xotirasiga «Jasorat» yodgorligi o‘rnatilgan. Zilzila paytida stol tagiga yoki mustahkam mebel yoniga yashirinib, boshni qo‘l bilan himoya qilamiz, oyna va og‘ir narsalardan uzoqroq turamiz, liftdan foydalanmaymiz, gugurt yoqmaymiz. Silkinish tugagach, tashqariga tartib bilan chiqamiz.
Mashq «Tushish — yashirinish — ushlash»: signal berilganda bolalar parta tagiga tushadi, bir qo‘l bilan boshni berkitib, ikkinchi qo‘l bilan parta oyog‘ini ushlaydi. Keyin Yerning uch qatlami modelini plastilindan yasang.