O‘simliklar va hayvonlarning mavsumga bog‘liqligi
Bahorda qor eriydi, urug‘lar unadi, daraxtlar gullaydi. Yozda o‘simliklar tez o‘sib, oziq to‘playdi va urug‘ qoldiradi. Kuzda bir yillik o‘simliklar pishib, hosili yig‘iladi; daraxtlar barg to‘kadi va qishga tayyorlanadi. To‘kilgan barglar yerni muzlashdan asraydi, qor esa o‘simlik ildizlarini sovuqdan saqlaydi. Hayvonlar ham moslashadi. Kuzda hasharotlar kovak va po‘stloq ostida yashirinadi, kapalak qurti g‘umbakka aylanadi. Qurbaqa, ilon va kaltakesak qishda uyquga ketadi. Qaldirg‘och, laylak, o‘rdak kabi qushlar issiq o‘lkalarga uchib ketadi, qoraqarg‘a kabilar shimoldan bizga qishlagani keladi. Quyon va olmaxonning juni qishda qalinlashadi. Bahorda qushlar qaytib, uya quradi va bolalaydi. Cho‘l toshbaqasi bahorda uyg‘onib o‘t yeydi, jazirama yozda esa yana uyquga ketadi.
«To‘rt fasl» plakati: A3 varaqni to‘rt qismga bo‘ling. Har bir faslga o‘simlik, hayvon va odam hayotidan bittadan o‘zgarishni chizing va yozing (masalan, kuz — barg to‘kiladi, qush uchib ketadi, bog‘da hosil yig‘iladi).