Havoning ahamiyati
Havo jonsiz tabiatning bir qismi, u hamma joyda: ko‘chada, uyda, suvda, tuproqda. Havo hamma tirik jonzotga kerak. U shaffof va rangsiz, shuning uchun ko‘rinmaydi; hidi yo‘q. Havo yengil bo‘lsa-da, Yerdagi hamma narsaga bosim o‘tkazadi — bu atmosfera bosimi. Havo tovushni o‘tkazadi, shuning uchun biz eshitamiz. Qiziganda kengayadi, soviganda siqiladi: shamol shundan paydo bo‘ladi. Zavod va transport tutuni havoni ifloslaydi, bu nafas olishni qiyinlashtiradi. Havoni toza saqlashimiz kerak.
Tajriba «Quruq qog‘oz»: katta shaffof idish (tog‘ora) ga suv quying. Stakanga g‘ijimlangan qog‘oz bo‘lagini tiqing (stakan tubiga). Stakanni teskari qilib, tik holda suvga botiring. Stakanni chiqarib qog‘ozni ko‘ring: u quruq! Nima uchun? Chunki stakandagi havo suvni kiritmaydi. Xavfsizlik: faqat sinmaydigan stakan ishlating, suvni to‘kib yubormang.